FESTIVAL HAQIDA

Tadbirlarni o‘tkazish muddati va joyi

2021—yilning 8—12-fevral kunlari (5 kun davomida) Toshkent, Nukus, Аndijon, Navoiy, Namangan, Guliston, Termiz, Fargʼona, Qoʼqon va Urganch shaharlarida (onlayn va oflayn rejimida) o‘tkaziladi.

Tashkilotchilar

Аsosiy tashkilotchilar – “Yuksalish” umummilliy harakati, Аdliya vazirligi

Xalqaro hamkorlar – АQShning xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi, BMT vakolatxonasi, Qozogʼistonning Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish assotsiatsiyasi (АRGO).

Ishtirokchilar va formatlar

Tadbirda nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, vazirlik va idoralar, davlat va jamoat arboblari, mahalliy hokimiyat vakillari, “Yoshlar parlamenti” aʼzolari, xalqaro va mahalliy ekspertlar, ommaviy axborot vositalari va boshqa jamoatchilik vakillari ishtirok etadi

Festival forumlar, davra suhbatlari, konferensiyalar, munozaralar va taqdimotlar formatida o‘tkazilib, jami 2000 dan ziyod ishtirokchilar jalb qilinadi.

Dolzarbligi

So‘nggi yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida O‘zbekistonda qator muhim o‘zgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, 70 dan ziyod davlat idoralari huzurida Jamoatchilik kengashlari o‘z faoliyatini boshladi, fuqarolik jamiyati institutlariga subsidiya va grantlar uchun ajratiladigan mablagʼlar miqdori so‘nggi uch yilda ikki baravarga oshirildi, nodavlat notijorat tashkilotlarining xorijiy grantlarni olishi va tadbirlarni o‘tkazishi bilan bogʼliq qator to‘siqlar bekor qilindi.

Barcha muhim qarorlarni, shu jumladan qonunlar, farmonlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni faqatgina jamoatchilik muhokamasidan keyingina qabul qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

“Jamoatchilik nazorati to‘gʼrisida”gi, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘gʼrisida”gi qonunlarning qabul qilinishi, “Davlat organlari huzurida jamoatchilik kengashlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘gʼrisida”gi Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori kabi muhim hujjatlarning qabul qilinishi natijasida 2020—yilning oʼzida nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan mingdan ziyod jamoatchilik nazorati tadbirlari amalga oshirildi. Ushbu koʼrsatkich 3-4 yil oldingi koʼrsatkichlardan bir necha barobar koʼpligini alohida taʼkidlash lozim.

Shu bilan birgalikda, fuqarolik jamiyatining rivojlanish holati boʼyicha mamlakatimizning xalqaro reytinglardagi oʼrni pastligicha qolmoqda. Jumladan, The Economist Intelligence Unit tashkilotining 2020—yilda eʼlon qilgan Demokratiya indeksida Oʼzbekiston 165 ta davlat orasida 155-oʼrinni egallab turibdi.

Ushbu reytingning “Fuqarolik erkinliklari” indikatorida esa mamlakatimiz eng quyi oʼrinlarda (164-oʼrin) ekanligi sohada tizimli muammolar saqlanib qolayotganligidan dalolat bermoqda.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020—yil 29-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida jamiyatimizdagi mavjud muammolarni aniqlash, ularni chuqur tahlil qilish, yechimlari boʼyicha taklif ishlab chiqish, ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini taʼminlashga nodavlat notijorat tashkilotlarini jalb etish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Yuqoridagilarni hamda fuqarolik jamiyati ijtimoiy munosabatlar rivojlanishining asosiy qismi sifatida demokratiya, qonun ustuvorligi va shaxs erkinligining eng muhim kafolati ekanligini inobatga olib, “Yuksalish” umummilliy harakati bir qator hamkorlar bilan birga 2021—yil 15—19-fevral kunlari “Prezident Murojaatnomasi — Oʼzbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning yangi bosqichi” mavzusidagi xalqaro konferensiya hamda uning doirasida “Faol fuqarolar umummilliy festivali”ni oʼtkazish tashabbusini ilgari surmoqda.

Kutilayotgan natijalar

Tadbirlar davomida quyidagi dolzarb yoʼnalishlarda taklif va tavsiyalar ishlab chiqiladi. Xususan:

– davlat va jamiyat boshqaruvini inklyuziv rivojlantirishda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini yanada kuchaytirish;

– islohotlarni amalga oshirilishi ustidan jamoatchilik nazoratini tashkil etishda fuqarolar ishtirokini oshirish;

– Oʼzbekistonda gender siyosatini amalga oshirishning asosiy vazifalari;

– davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlarining davlat organlari bilan oʼzaro hamkorligiga oid zamonaviy mexanizmlari;

– jamoat kengashlarining samaradorligini oshirish boʼyicha tavsiyalar va qoʼllanma tayorlash.